Mahalliy mahsulotlar sifati koʻzdan kechirildi

    Davlatimiz rahbari Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi “Fayz-M” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

    Mamlakatimizda xomashyoni qayta ishlab, qoʻshilgan qiymat yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Mazkur korxona ham mato toʻqish, boʻyash va tayyor trikotaj ishlab chiqarish yoʻnalishidagi yirik loyihalardan biri.

    Bu yerda yiliga 4 million 200 dona, 50 turdagi mahsulotlar tayyorlanadi. Mingga yaqin fuqaro ish bilan taʼminlangan. Xodimlar malakasini oshirish ham eʼtiborda. Buning uchun dizaynerlik markazi tashkil etilgan.

    Turkiya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan ilgʻor uskunalar ish unumdorligi va mahsulotlar sifatini taʼminlamoqda. Tayyor kiyim-kechaklarning katta qismi eksportga yoʻnaltiriladi. Yillik eksport salohiyati 6 million dollarga yetgan.

    Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini va tayyor mahsulotlarni koʻzdan kechirdi. Sifat koʻrsatkichlari ustida ishlab, qoʻshilgan qiymatni oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha tavsiyalar berdi.