Bu jihatlar mamlakatimizda amalga oshirilgan ma'muriy islohotlar va davlat xizmatchilarini tayyorlash, mahalliy boshqaruv tizimida samarali mexanizmlarni yo'lga qo'yishda ham ko'zga tashalanadi.
Hanns Zaydel jamg'armasining (Germaniya) mamlakatimizdagi vakolatxonasi ish boshlaganiga hali ko'p vaqt bo'lmadi. Shunga qaramay mazkur jamg'arma vakolatxonasi mamlakatimizda mahalliy va davlat boshqaruvi sohasida faoliyat yuritayotgan yosh rahbar kadrlarni Germaniyaning ilg'or tajribasi asosida malakasini oshirish, qayta tayyorlash orqali professional davlat xizmatchisini tayyorlash vazifasini beg'araz amalga oshirishda faol ish boshlagan.
Bu haqda Hanns Zaydel jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi ofisi rahbari Javhar Do'stov jurnalistlar uchun tashkil etgan press-turda batafsil ma'lumot berdi.
Javhar Do'stov ta'kidlaganidek, keyingi yillarda O'zbekiston va Germaniya o'rtasida aloqalar yangicha format va zamonaviy ruhda rivojlanib bormoqda. Birgina Hanns Zaydel jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi ish boshlagani fikrimiz isbotidir.
Mazkur jamg'arma 1967-yili tashkil etilgan bo'lib, Myunxen shahrida rasmiy ro'yxatdan o'tgan. Bugungi kunda jahonning 60 dan ortiq davlatida o'z vakolatxonasiga ega. Davlat boshqaruvi, siyosiy ta'lim, iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash, atrof-muhit muhofazasi va ekologiya yo'nalishida faoliyat olib boradi.
Jamg'arma O'zbekistondagi faoliyatini mahallalar kesimida tashkil etishga alohida e'tibor qaratib keladi. Jumladan, jamg'arma tashabbusi va ko'magi bilan o'tgan yili O'zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi tashkil etilib, bu mamlakatdagi mahalla instituti faoliyati keng o'rganildi.
Bugungi kunda Hanns Zaydel jamg'armasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi va boshqa bir qator davlat boshqaruvi tuzilmalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Press-tur davomida Hanns Zaydel jamg'armasi faoliyati, amalga oshirilayotgan va istiqboldagi rejalar, loyihalar haqida ma'lumot berildi.