Olmaliq kon metallurgiya kombinati AJ respublikamizdagi yirik sanoat korxonalaridan biri sanaladi. Metall ishlab chiqarishda yetakchilardan bo'lgan mazkur korxonada bugungi kunda Mahalliylashtirish dasturi ijrosi bo'yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,  2020 yilda 72 loyiha asosida 131,9 millird so'mlik, shuningdek, yangi 23 ta loyiha asosida 11,9 milliard so'mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan edi. Amalda esa yuqori natajalarga erishilib, reja ko'rsatkichlari 119,1 foizga bajarildi.

Yaxshi g'oya, tashabbuslar samaradorlikka etaklaydi. Ana shu yo'ldan borayotgan kombinat tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar va tadbirkorlik sub'ektlari  bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida 2019 yilning oktyabr oyida import o'tkazilgan mahsulotlari yarmarkasiga respublikamizning barcha ishlab chiqaruvchilari taklif etildi. Jarayonda ishtirokchilarga har bir import mahsuloti to'g'risida batafsil ma'lumot berilib, oldindan tayyorlangan import mahsulotlari katalogi taqdim etildi. Yarmarka davomida ko'plab mahalliy korxonalar bilan kelishuvlarga erishildi, o'zaro hamkorlik aloqalari o'rnatildi. Natijada o'tgan yili O'zbekiston Respublikasining elektron kooperatsiya portali orqali rejadagidek 200,0 milliard so'mlik emas, balki 302,3 milliard so'mlik 2 543 ta shartnoma imzolandi.

Mahalliylashtirilgan mahsulotlar kombinatning Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo'yicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Rux zavodi kabi korxonalarida ishlab chiqarilmoqda. Ular po'lat va cho'yan quymalaridan tayyorlangan ehtiyot qismlar, nostandart qurilmalar, konveyer qurilmalari uchun ehtiyot qismlar, GRAT va GRT tipdagi nasoslar uchun ehtiyot qismlar, yanchish va tegirmon uskunalari uchun ehtiyot qismlar, mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlar va har xil turdagi mahsulotlarni o'z ichiga oladi. Bu turdagi uskunalar kombinatning ichki ehtiyoji hamda respublikamizda faoliyat yuritib kelayotgan tog' kon sanoati korxonalari uchun mo'ljallangani bilan ahamiyatlidir.

Hozirgi kunda respublikaning bir nechta korxonalari, shu jumladan, kichik va o'rta biznes tadbirkorlik sub'ektlari bilan kombinat ehtiyojlari uchun foydalaniladigan yangi turdagi import o'rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish bo'yicha takliflar berilgan va bu borada ishlar olib borilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi bilan ham o'zaro manfaatli aloqalara yo'lga qo'yilgan. Jumladan, laboratoriya sharoitida olingan olein kislotasi ishlab chiqarish jarayonlarida sinab ko'rilib, yaxshi natijalarga erishildi. Hozirda ushbu mahsulotni sanoat darajasida ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birgalikda 2021 yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 161,4 milliard so'mlik 87 ta loyiha, shu jumladan, 4,3 milliard so'mlik 17 ta yangi loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Yaqin istiqbolda mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish maqsadida kombinatning Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodini modernizatsiya qilish va buning natijasida texnologik uskunalar uchun hozirda import orqali sotib olinayotgan ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni ushbu bo'linma quvvatlarida ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish hamda Portlovchi moddalar zavodi quvvatlarida noelektrik qo'zg'atish tizimlarini ishlab chiqarishga mo'ljallangan qo'shma korxonani ishga tushirish rejalashtirilgan.

“Olmaliq kon metallurgiya kombinati” AJ

axborot xizmati