Mahkumlar va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish: milliy qonunchilik va xalqaro amaliyot

    Joriy yilning birinchi choragida Milliy preventiv mexanizm doirasida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga yigirma beshga yaqin monitoring tashrifi amalga oshirildi.

    Surxondaryo viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda mahkumlarning va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro-huquqiy normalar mavzusida hududiy seminar oʻtkazildi.

    Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda 2021-yilgi davlat Dasturida qiynoqlarning oldini olishda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yoʻlga qoʻyilishi kerakligi alohida taʼkidlangan edi. Hozirda Murojaatnomada va 2021-yilgi davlat Dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) va uning huzurida faoliyat koʻrsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat boʻlgan Ekspert guruhi, shuningdek, Vakilning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan muntazam ravishda yopiq muassasalarga monitoring tashriflari OAV ishtirokida amalga oshirilmoqda.

    Qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat olib boruvchi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha jamoatchilik vakillaridan iborat boʻlgan Ekspert guruhi tomonidan 2019-yildan buyon monitoringlar oʻtkazib kelinmoqda.

    Bu orqali esa jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining taʼminlanishi boʻyicha Parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatilishiga erishilmoqda. Joriy yilning birinchi choragi davomida Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat koʻrsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga yigirma beshga yaqin monitoring tashrifi amalga oshirildi. Oʻrganishlar davomida ming nafardan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar hamda 217 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.

    Monitoring tashriflari davomida mahkumlarni qamoqda saqlash sharoitlari, yaʼni yashash va ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam koʻrsatish holati va sifati, mahkumlar uchun maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani, taʼlim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar oʻrganilgan.

    Shu nuqtayi nazardan, mazkur monitoring tashriflarining yuqori saviyada tashkil etilishi hamda ekspert guruhi aʼzolarining bu boradagi bilimlarini mustahkamlash, ularning tergov izolyatori va jazoni ijro etish muassasalarida oʻrnatilgan tartib va talablar, shuningdek qiynoqlarni oldini olish boʻyicha xalqaro-huquqiy normalar haqida xabardorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda respublika boʻylab oʻquv seminarlar oʻtkazilishi belgilangan.

    Termiz shahrida boʻlib oʻtgan seminarda Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, viloyatdagi sudyalar, prokuratura, ichki ishlar, advokatlar palatasi, sogʻliqni saqlash va xalq taʼlimi organlaridan vakillar ishtirok etdi.

    Tadbirda seminar ishtirokchilariga jazoni ijro etish tizimida hamda ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari qoʻllanilishini oldini olish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida axborot berildi.

    Shuningdek, YEXHTning qiynoq va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarni taqiqlash bilan bogʻliq standartlari hamda yopiq turdagi muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishi ustidan olib boriladigan jamoatchilik nazorati boʻyicha xorij tajribasi oʻrganildi.

    Oʻquv seminar davomida ishtirokchilarga bilim va koʻnikmalarining amaliyotda qoʻllanilishi hamda qiziqtirayotgan boshqa savollariga ham javoblar berib oʻtildi. Seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Bu mavzusidagi navbatdagi hududiy seminarlar Qashqadaryo, Xorazm hamda Toshkent viloyatilarida tashkil etiladi.

    Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha

    vakili (ombudsman) matbuot xizmati