Qonunchilik palatasining 17-dekabrdagi majlisida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofali videouchrashuvga boʻlgan huquqini taʼminlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilib, qabul qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish orqali ularni jamiyatdan uzilib qolmasligini taʼminlash, jazoni oʻtab chiqqanidan soʻng jamiyatga qayta moslashishiga koʻmaklashish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining tegishli moddalariga Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarga masofadan videouchrashuv huquqini berish orqali oʻz yaqinlari bilan onlayn uchrashish imkoniyatini yaratishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Bunda masofali videouchrashuv soni jazoni oʻtash tartibotiga qarab belgilanadi.
Loyihada manzil-koloniyalar hamda tarbiya koloniyalaridagi mahkumlarning yil mobaynida yigirma toʻrt marta masofali videouchrashuvlar olish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.
Qonun tashabbuskorlarining fikricha loyihadagi mazkur oʻzgartirishlar jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarning masofali videouchrashuv yoʻli bilan oila aʼzolari va yaqinlari bilan doimiy aloqalarini taʼminlash va oilaviy munosabatlarini saqlab qolishga, shuningdek, tuzalish yoʻliga oʻtishiga koʻmaklashishga xizmat qiladi.