Mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi kuchaytiriladi

    Ijtimoiy hayot 15 Noyabr 2022 1500

    Joriy yil 15-noyabrda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, jinoyat-ijroiya amaliyoti tahlili va jamoatchilik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot natijalari mahkumlarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish, ularni saqlash shart-sharoitlarini yanada yaxshilash hamda xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga jalb etilgan mahkumlarga haq toʻlanadigan ishlash davrini ularning umumiy mehnat stajiga qoʻshib hisoblash zarurligini koʻrsatadi.

    Yuqoridagilarni inobatga olib, hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekiston strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Dastur ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi.

    Qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning umumiy mehnat stajiga ishlangan hamda ijtimoiy soliq toʻlangan davrni qoʻshib hisoblashni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilyapti.

    Qonun bilan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq toʻlangan boʻlsa, ish stajiga qoʻshib hisoblanishi, shuningdek, mahkumlarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlarining qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, shuningdek mahkumlarning tarjimon bilan bir qatorda surdotarjimonning xizmatidan foydalanishi huquqi va mahbuslarga nisbatan tinchlantirish koʻylagini qoʻllash mumkin emasligi qatʼiy belgilanadi.

    Senatorlarining taʼkidlashicha, Qonunning qabul qilinishi mahkumlarni muassasada ishlagan ish stajini umumiy ish stajiga qoʻshish orqali ularga kelgusida pensiya olish imkoniyatini yaratishga va eng asosiysi mahkumlarning tuzalish yoʻliga oʻtganligini belgilovchi qatʼiy mezonlarni belgilash orqali ularning xulq-atvorini baholashda korrupsion omillar bartaraf etilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Muhokamalardan soʻng koʻrilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.