Mahkumlarning jazoni oʻtash muddati qisqartirilishini nazarda tutuvchi qonun muhokama etildi

    Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

    Soʻngi yillarda Jinoyat kodeksining bir qator moddalariga tegishli oʻzgartishlar kiritilib, ogʻir, oʻta ogʻir va korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslarning jazoni oʻtash muassasasida boʻlish muddatlari uzaytirildi.

    Shuningdek, jazo muddatini toʻliq oʻtashlari lozim boʻlgan mahkumlar toifasi ham kengaytirildi.

    Bu oʻzgarishlar, oʻz navbatida 2-3-yildan soʻng jazoni oʻtash muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar soni va sigʻimi masalasini kun tartibiga chiqarib, alternativ choralar koʻrishni taqozo etadi.

    Shu bilan birga, soʻngi vaqtlarda transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan transportni boshqarish bilan bogʻliq koʻplab qoidabuzarliklar sodir etilyapti.

    Shu bois, Ichki ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni oʻtash muddati ular tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi, shuningdek “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 12810 va 131-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun sud tomonidan muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlangan shaxslarni ham profilaktik hisobga olishni belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

    Qoʻmita majlisida Qonunni qabul qilinishi mahkumlarni axloqan tuzatishga, ularda jamiyat qoidalari va anʼanalariga nisbatan hurmatni shakllantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga, profilaktik hisobga olingan shaxslar bilan olib boriladigan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish orqali mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashishga va huquqbuzarliklarning, qolaversa transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan transportni boshqarish bilan bogʻliq koʻplab qoidabuzarliklar va yoʻl-transport hodisalari sodir etilishi oldi olinishiga xizmat qilishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.