Mahsulot sifatini koʻrsatib, uni qimmat bozorlarga olib chiqadigan eng asosiy kalit, bu – xalqaro sertifikatlar – Prezident

    Yigʻilishda taʼkidlanganidek, birinchi 4 oyda eksport 20 foizga oshdi. Yuqori oʻsish surʼatlari asosan kimyo, oziq-ovqat, meva-sabzavot, IT, turizm va transport xizmatlari hisobidan taʼminlanmoqda.

    Lekin toʻqimachilik eksporti 825 million dollar, yaʼni oʻtgan yilgidan 175 million dollarga kam boʻldi.

    «Koʻpchilik sifatga ishlayotgani bilan buni koʻrsatib bera olmayapti. Bizdagi mahsulotlarning “nomi chiqmagani” uchun tashqarida juda arzon sotilayapti. Mahsulot sifatini koʻrsatib, uni qimmat bozorlarga olib chiqadigan eng asosiy kalit, bu – xalqaro sertifikatlar», — dedi Prezident.

    Toʻqimachilik sohasidagi 1,5 mingdan ziyod yirik va oʻrta korxonadan faqat 244 tasida xalqaro sertifikat bor.

    Savdo-sanoat palatasi har bir korxonaga borib, sertifikat olishga koʻmaklashsa, qoʻshilgan qiymatni ham, eksportni ham oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

    Shu munosabat bilan Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Navoiy Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida xalqaro sertifikatga ega korxonalarni 20 taga yetkazish, qolgan hududlarda yana 10 tadan korxonaga sertifikat olishga koʻmaklashish vazifasi qoʻyildi.