Mahsulot va xizmatlarni “Halol“ belgisi bilan tamgʻalashga ruxsat beriladi

    Oʻzbekistonda 2025-yilning 1-mayidan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) standartlari talablari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni "Halol" belgisi bilan tamgʻalashga ruxsat beriladi.

    Oʻzbekistonda mahsulot va xizmatlarni "Halol" talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi hukumat qarori qabul qilindi.

    Unga koʻra, mahsulot va xizmatlarni "Halol" talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi va "Halol" talablarga muvofiq sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni davriy baholash tartibi tasdiqlandi.

    Shuningdek qarorga koʻra, mahsulot va xizmatlarni "Halol" talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organi tashkil etiladi. Mahsulot va xizmatlarni "Halol" talablariga muvofiq sertifikatlashtirishda hamda ularga nisbatan talablarni belgilashda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) tomonidan qabul qilingan va rasmiy xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan standartlarga ustuvorlik huquqi beriladi.

    Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan olti oy muddatda agentlik tizimidagi davlat muassasasida tashkil qilinadigan mahsulot va xizmatlarni "Halol" talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini xalqaro tan olingan tashkilotlarni jalb qilgan holda akkreditatsiyadan oʻtkazishi hamda "Halol" belgisi shakli hamda oʻlchamini belgilaydigan standart loyihani ishlab chiqib, tasdiqlash kerakligi belgilandi.