Maʼlum boʻlishicha, murojaatchi oʻzi yashab turgan hududdagi xoʻjalik mollari doʻkoni sotuvchisi Bahodir ismli shaxsdan 30 ming soʻmga fonar (yoritgich) sotib oladi. Mazkur buyumga qiziqib qolishi sababini isteʼmolchi shunday izohladi:

— Odatdagi fonarlarga “batareyka” qoʻyish, uni vaqti-vaqti bilan almashtirib turish kerak, buni esa batareykasi boʻlmasdan, elektr tokida quvvatlantirib ishlataverar ekansiz", — deydi. Ammo bu buyum bir hafta ham xizmat qilmaydi. Sotuvchiga bu haqida aytilsa, malomat eshitadi. Sotuvchining asosiy vaji esa tovarning Xitoyda ishlab chiqarilganligi, unda kafolat muddati yoʻqligi boʻlgan.

Lekin amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni, isteʼmolchining huquqlari tovarning qayerda va qanday holatda ishlab chiqarilganiga qarab kafolatlamaydi. Isteʼmolchi mamlakatimizda va xorijda ishlab chiqarilgan har qanday tovar (ish, xizmat)ni sotib olish va undan foydalanish jarayonida qonunda belgilangan huquqlarini emin-erkin roʻyobga chiqara oladi. Xususan, qonunning 13-moddasiga koʻra, agar isteʼmolchi tomonidan sotib olingan tovarda nuqsonlar aniqlansa, u kafolat muddati ichida, kafolati muddati belgilanmagan tovarlar boʻyicha esa olti oy muddat ichida ushbu tovarni almashtirib olish, bepul taʼmirlatish, shartnomani bekor qilib koʻrilgan zararni qoplatish va boshqa shu kabi huquqlarini talab qila oladi.

Toʻgʻri, Fargʻona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari saʼy-harakati bilan isteʼmolchi E.Xaydukovaga sotilgan nuqsonli tovar uchun toʻlangan pul sotuvchidan qaytarib olib berildi, lekin mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlarni, shuningdek, import tovarlarni sotayotgan boshqa sotuvchilar ham yuqoridagi holatdan toʻgʻri xulosa chiqarsa maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish

jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati