“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali tomonidan barcha isteʼmolchilarga bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yil boshidan beri aholiga 64 ming 581 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Maʼlumki, sovuq ob-havo vaqtida suyultirilgan uglevodorodli gazning bir qismi ogʻir qoldiqqa aylanadi va yonuvchanligini yoʻqotadi. Shu bois undan foydalanish mumkin emas. Bugungi kunda “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filialining “Muzrabot”, “Jarqoʻrgʻon” hamda “Boysun” gaz toʻldirish shoxobchalarida ogʻir qoldiq toʻkish ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda.
— Yoz kunlarida kuniga oʻrta hisobda 30–40 dona gaz ballonidan ogʻir qoldiqlarni toʻksak, kuz-qish mavsumida bu son 70–80 donani, baʼzida 95 donani ham tashkil etadi,— deydi “Jarqoʻrgʻon” gaz toʻldirish shoxobchasining ogʻir qoldiq toʻkuvchi chilangari Qurbonov Abdurashid. – Ogʻir qoldiqni toʻkishda har bir toʻkilayotgan maishiy gaz balloni avval tarozidan oʻtkaziladi, ogʻir qoldiqdan boʻshatilgach, yana tortilib, soʻngra maxsus kitobga qayd etib boriladi.
Oʻtgan yil davomida “Uzun” gaz toʻldirish shoxobchasida 18 ming 066 dona maishiy gaz ballonlaridan 16,527 tonna ogʻir qoldiq toʻkib olingan boʻlib, shundan 14,380 tonnasi utilizatsiya qilingan. “Jarqoʻrgʻon” gaz toʻldirish shoxobchasida 2023-yilning 10 oyi davomid 19 ming 360 dona ballondan 9,639 tonna ogʻir qoldiq toʻkilganini koʻrsatmoqda. “Muzrabot” GTSHda esa oʻtgan 10 oy davomida 371 mingga yaqin maishiy gaz ballonga suyultirilgan gaz toʻldirildi. Shundan 26 ming 380 donasida ogʻir qoldiqlar borligi aniqlangan. Toʻkilgan qoldiq miqdori 14.638 tonnani tashkil etib, shundan 13.050 tonnasini utilizatsiya qilishga erishildi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali “Denov-Xayrabod” va “Qumqoʻrgʻon-Oqjar” gaz toʻldirish stansiyalari xizmatidan foydalanadi va u yerda ham har bir maishiy gaz ballondan ogʻir qoldiq toʻkilishi nazoratga olingan. Oʻtgan 2023-yilning 10 oyi davomida viloyat boʻyicha 211 ming 732 tadan ortiq maishiy gaz ballonlardan ogʻir qoldiq toʻkib olingan.
— Toʻkib olingan ogʻir qoldiqlar birja orqali savdoga qoʻyilib, samarali foydalanilmoqda, — deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filialining suyultirilgan gaz boʻyicha oʻrinbosari Feruzbek Atamurodov. — Natija esa gaz toʻldirish shoxobchalarini yanada mukammallashtirish, ishchi-xodimlarga sharoit yaratishga yoʻnaltirilgan.
Maishiy gaz ballondan foydalanishda uning yaroqlilik davri mavjud boʻlib, maishiy gaz ballonlari birinchi marta 5 yilga, keyin esa uch yilga sinovdan oʻtkaziladi. Hozirda har bir GTSH qoshida maxsus sinov sexlari mavjud boʻlib, oʻtgan yilda 50 642 dona maishiy gaz ballonlari sinovdan oʻtkazilgan.
Mutaxassislarning aytishicha, sinovdan oʻtkazishdan oldin maishiy gaz balloni ogʻir qoldiqdan boʻshatilib, maxsus uskunaga oʻrnatiladi. Soʻngra ballon suv bilan toʻldiriladi. Maishiy gaz ballon 25 kilogramm bosim ostida 12–15 daqiqa sinaladi. Bosim ostida sinash vaqtida maishiy gaz ballon holati koʻzdan kechiriladi. Agar ballonda suv sizib chiqishi, ishish holati sezilsa, ushbu ballon yaroqsiz hisoblanadi va utilizatsiya qilinadi. Sinovdan oʻtgan ballonlarga tepa qismidagi maxsus yorliqqa sinov muddati muhrlanadi. Barcha ish yakuniga yetgach, ularni boʻyoqlab, soʻng foydalanish uchun topshiriladi.
Shu oʻrinda isteʼmolchilarga alohida taʼkidlashni istardikki, suyultirilgan gaz ballonida hosil boʻluvchi ogʻir qoldiqni oʻzboshimchalik bilan toʻkish mumkin emas, uni toʻkib oluvchi maxsus joylar va uskunalar bor. Ogʻir qoldiqni toʻkmang va hayotingizni xavf ostiga qoʻymang.