Majlisda qatnashmagan deputatlarning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari qonunchilik tashabbusi asosida deputatlarning maqomi toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini kiritdilar.

    Qonun loyihasida deputatlarning haq toʻlanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisida ogohlantirish olganidan keyin haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shugʻullangan taqdirda ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkinligi nazarda tutilgan.

    Bundan tashqari deputatning tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil davomida oʻttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, shuningdek, chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda ham ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Bu qoidalar Senatda doimiy asosda ishlaydigan senatorlarga ham tegishlidir.

    Qonun loyihasida deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilganligi uchun ularga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan taʼsir choralari ham yanada aniqlashtirilgan.

    Unga koʻra:

    – deputatning, senatorning odob-axloq qoidalarini buzishga yoʻl qoʻyilmasligi koʻrsatib oʻtilgan holda deputatga, senatorga ogohlantirish berish;

    – deputatdan, senatordan tegishincha Qonunchilik palatasi, Senat, shuningdek, oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya majlislarida uzr soʻrashni talab qilish;

    – deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilishiga deputat, senator tomonidan yoʻl qoʻyilganligi faktini palata majlisida oʻqib eshittirish;

    – deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning ish haqidan ushlab qolish koʻzda tutilmoqda.

    Qonun loyihasida xalq vakillarining tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya majlislarida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat boʻyicha bir kunlik ish haqi uning roziligisiz ushlab qolinishi ham koʻzda tutilmoqda.

    Qonun loyihasi yalpi majlisda koʻrib chiqildi va qabul qilindi.