Bu haqda “Dunyo” AA deb xabar qilmoqda.
Bosh konsulxona maʼlumotiga koʻra, yurtdoshimiz G.M. Saudiya Arabistoniga umra amallarni bajarish maqsadida borgan turmush oʻrtogʻi A.R. moddiy tomondan qiyin ahvolda qolgani sababli unga yordam koʻrsatishni soʻrab murojaat qilgan.
A.R. Saudiya Arabistoniga umra amallarini bajarish maqsadida Oʻzbekistondan 30-mart kuni velosipedda yoʻlga chiqqan. U Oʻzbekistondan Rossiyaga, u yerdan Gruziyaga borgan. Gruziya chegarachilari tomonidan u kelgan joyiga, Rossiyaga qaytarib yuborilgan. Shundan soʻng A.R. “Vladikavkaz – Istanbul – Jidda” yoʻnalishi boʻyicha Saudiya Arabistoniga yetib kelgan.
Maʼlum boʻlishicha, Makkada boʻlgan vaqtida uning buyumlari va tegishli hujjatlari boʻlgan sumkalari oʻgʻirlab ketilgan.
Bosh konsulxona vakillari Makkadagi oʻzbekistonlik fuqarolar yordamida A.R. topishga erishdi va unga Oʻzbekistonga qaytish uchun guvohnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, faol vatandoshlar koʻmagida “Madina-Toshkent” yoʻnalishidagi aviaqatnovga chipta sotib olib berildi.
Yurtdoshimiz shu yil 17-may kuni sogʻ-salomat oilasi bagʻriga qaytdi.