Makka shahridagi “Al-Buroq” xususiy muzeyi bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi

    O‘zbekiston Bosh konsulxonaci xodimlari Makka shahridagi “Al-Buroq” xususiy muzeyi direktori Muhammad Xamdan Al-Buroq bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

    Muzey rahbari bilan kechgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida madaniy-maʼrifiy sohada, xususan, madaniy meros, muzeylar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yana-da faollashtirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston muzeylari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, muzeyda saqlanayotgan mamlakatimiz tarixiga oid osori-atiqalarni birgalikda tadqiq etishga alohida eʼtibor qaratildi.

    So‘ngra xususiy muzeyda saqlanayotgan qadimiy tilla, kumush va oddiy tangalar, qog‘oz pul birliklari ko‘zdan kechirildi.

    Maʼlum bo‘lishicha, ushbu muzey ekponatlari Saudiya Arabistonida tashkil etiladigan ko‘rgazmalarda muntazam namoyish etib kelinmoqda. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarda ko‘rgazmalar tashkil etishga alohida eʼtibor qaratiladi. Muzeyda Abbosiylar xalifaligining Al-Maʼmun boshqaruvi davrida Samarqand shahrida chiqarilgan kumush tanga ham saqlanmoqda. Shuningdek, Hindistonda Boburiylar davrida zarb etilgan kumush tangalar ham bor. Muzeyda islom davlatlarida muomalaga kiritilgan ilk qog‘oz pullar stendi tashkil etilgan.

    Muzey bilan tanishuv yakunida tomonlar O‘zbekistondagi muzeylar bilan hamkorlikda ishlash va ushbu muzey kolleksiyalari ishtirokida O‘zbekistonda ko‘rgazma tashkil etishga kelishib olindi.