Ishtirokchilarga O‘zbekistonda o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlash, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil so‘zlab berildi.
Bu borada xorijdagi ko‘plab universitetlarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilgani va chet mamlakatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziquvchilarning soni yil sayin ortib borayotgani qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, hozirgi kunda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni 60 milliondan oshdi, xorijiy davlatlardagi 50 dan ortiq oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda.
Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan asli o‘zbek bo‘lgan buxoriylar diasporasi vakillari millatimiz aslini aks ettiruvchi o‘zbek tilini eʼzozlash, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish hamda yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifaga aylanib borayotganini qayd etdilar.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida Saudiya hududida o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, diaspora vakillari farzandlarining milliy tilimizni mukammal egallashi uchun maxsus kurslar tashkil etish va ularni zarur adabiyotlar bilan taʼminlashga kelishib olindi.