Maktab bitiruvchilaridan oʻz vaqtida pasport (ID karta) olishlari soʻraldi

    Ta'lim 26 Yanvar 2023 1411

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 16 yoshga toʻlgan maktab bitiruvchilaridan oʻz vaqtida pasport (ID karta) olishlarini soʻradi

    Maʼlum qilinishicha, abituriyentlarning oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun tegishli hujjatlarni onlayn topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) maʼlumotlarini ABITUR elektron dasturiga kiritish talab etiladi. Shuning uchun 16 yoshga toʻlgan har bir bitiruvchi oʻz vaqtida pasport (ID karta) olishi zarur.

    Ushbu jarayonda bitiruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining elektron maʼlumotlar bazasi Bilim va malakalarni baholash agentligining ABITUR elektron dasturi bilan integratsiya qilingan.

    Bugungi kunga qadar joriy oʻquv yilida maktablarni tamomlayotgan 390 mingdan ortiq oʻquvchining 16 yoshga toʻlgan 129 ming (33 foiz) nafari pasport (ID karta) olmagani sababli ularning maʼlumotlari elektron bazaga hozircha kiritilmagan.

    "Hurmatli ota-onalar, aziz bitiruvchilar! Farzandingizning konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, 16 yoshga toʻlgan farzandlaringizni oʻz vaqtida pasport (ID karta) olishini taʼminlashingizni, maktab maʼmuriyatidan esa bitiruvchilarning pasport (ID karta) maʼlumotlarini mazkur manzil(http://e.shahodatnoma.uz/)ga kiritib, ularni kelgusida oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirishida zarur koʻmak berishingizni soʻraymiz", deyiladi xabarda.

    Maʼlumot uchun: Pasport (ID karta) olish uchun hududiy ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlariga murojaat etishlari zarur.