Maktab bitiruvchilarining 6 yillik baholari OTMga kirishda inobatga olinishi mumkin

    Ta'lim 1 Fevral 2021 2710

    2021-yil 1-fevral kuni “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy taʼlim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi toʻgʻrisida” Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

    Unga koʻra:

    2022-2023-oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi (attestati) (diplom ilovasi)ga majburiy 11 yillik taʼlimning soʻnggi 6 yillik baholari oʻrtacha koʻrsatkichi kiritiladi va ushbu koʻrsatkich 2023-2024-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinadi.

    Umumiy oʻrta taʼlim muassasasi bitiruvchilari bahosining oʻrtacha koʻrsatkichini hisoblashda bitiruvchining 6-11-sinflardagi yillik baholarining umumiy yigʻindisi har bir sinfdagi oʻqigan fanlar sonining umumiy yigʻindisiga nisbati olinadi.

    Davlat test markazi tomonidan oliy taʼlim tashkilotlariga qabul test sinovlari yakunlanganidan soʻng, belgilangan muddatda, tanlovga qadar abituriyentlarning test sinovi jarayonida toʻplagan ballariga tegishli taʼlim tashkilotlari tomonidan kiritilgan bitiruvchilar (abituriyentlar) baholarining oʻrtacha koʻrsatkichlari qoʻshiladi va tanlov amalga oshiriladi.

    Bitiruvchi (abituriyent) test sinovi jarayonida toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ballning 30 foizidan kam ball toʻplasa, ajratilgan kvota doirasida tanlovda ishtirok eta olmaydi.