Murojaatchining yozishicha, maktab direktorining tarbiyaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari oʻquvchilar oldida oʻqituvchilarga qoʻpol munosabatda boʻlib keladi, xattoki oʻqituvchilarga qoʻl koʻtargan holatlar ham uchragan. Mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotga qilingan murojaatlar biror bir natija bermagach, fuqaro B.Sh. Ombudsmanga murojaat qilgan.

Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, oʻrganilishi natijasida direktor oʻrinbosari G.Sh.ning murojaatchi B.Sh.ga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlib kelganligi, odob-ahloq qoidalariga toʻliq amal qilmaganligi aniqlandi. Mazkur holat boʻyicha direktor oʻrinbosari G.Sh.ga nisbatan tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mudirining buyrugʻi bilan Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.

Qayd etish lozimki, bu kabi holatlar mamlakatimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan davlat siyosatiga toʻgʻri kelmaydi. Mamlakatimizda mazkur sohada oʻqituvchilarning nufuzi va maqomini oshirish, ularning professional faoliyat bilan shugʻullanishlariga yanada keng sharoit yaratib berishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hattoki, oʻqituvchining maqomi alohida xujjat bilan mustahkamlab qoʻyilishi borasida ishlanmoqda. Chunki, barkamol, zakovatli va salohiyatli yosh avlodni shakllantirish eng avvalo, oʻqituvchi va murabbiylarga bogʻliq. Shunday ekan, oʻqituvchilarni hurmat qilish va ularni qadriga yetish oliy maqsadimiz boʻlsin.

Ombudsman Axborot xizmati