Yaʼni, kelgusi yillardagi talabni hozirdan aniqlab, zarur mutaxassisliklar boʻyicha muallimlarni oldindan tizimli tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Maqsadli buyurtma asosida oʻqituvchilarni tayyorlash toʻliq davlat grantiga oʻtkaziladi. Kelgusi oʻquv yili uchun pedagogika oliygohlarining qabul kvotalarini belgilashda ushbu yangi tartib nazarda tutiladi. 

Maktab taʼlimida boshqaruv tizimi ham oʻzgaradi.

Joriy yilda direktorlikka nomzodlarni oʻqitish va bilimini baholashni amalga oshiruvchi “Direktorlar maktabi” tashkil qilindi. Maktabda taʼlim jarayonlari Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa nufuzli xorijiy hamkorlar tajribasi asosida yoʻlga qoʻyiladi.

Endi direktorlikka nomzodlar faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanadi va muddatli kontrakt asosida ishga olinadi.

Direktorlar va oʻrinbosarlari har besh yilda bir marta sertifikatsiyadan oʻtadi. Sertifikatsiyadan oʻta olmagan direktorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinadi.

Iqtisodiyot va moliya, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklariga kelgusi yildan sertifikatsiyadan oʻtgan direktorlar oyligini 50 foizga, oʻrinbosarlar ish haqini esa 30 foizga oshirish boʻyicha hisob-kitoblarni kiritish topshirildi.