Joriy yilning may va iyun oylarida maktab oʻquvchilarining yakuniy nazorat imtihonlari boʻlib oʻtadi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq taʼlim muassasalarida oʻquv mashgʻulotlari joriy yilning 25-mayiga qadar davom etadi.
9-sinf oʻquvchilari uchun Jismoniy tarbiya fanidan imtihonlar joriy yilning 1-6-may kunlari oʻtkaziladi. Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari hamda skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlari bundan mustasno.
Shuningdek, 9- va 11-sinflar uchun yakuniy (bitiruv) nazorat imtihonlari joriy yilning 26-mayidan 15-iyuniga qadar tashkil etiladi.
Umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikat hamda chet tili fanlari boʻyicha kamida B1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar imtihonlarda muayyan fandan ozod etiladi.
Imkoniyati cheklangan maktab-internatlarida tahsil oladigan alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan oʻquvchilarga ushbu umumtaʼlim muassasalariga qoʻyilgan talablar asosida oʻtkaziladi.
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taʼlim beriladigan barcha tillarda imtihonlar oʻtkaziladigan fanlar boʻyicha bitiruvchi sinf oʻquvchilari uchun namunaviy imtihon materiallarini hamda baholash mezonlarini tayyorlashni Respublika taʼlim markazi amalga oshiradi.
Imtihon materiallarini ishlab chiqishda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun kreativ va mantiqiy fikrlashga yoʻnaltirilgan topshiriqlar kiritilishi inobatga olinadi hamda topshiriq namunalari 2023-yilning 1-aprelga qadar vazirlikning rasmiy sahifalarida eʼlon qilinadi.
Imtihonlar belgilangan muddatda shaffof, adolatli va xolis oʻtkazilishi uchun barcha zaruriy choralar koʻriladi.
Quyidagi havola orqali bosqichli va yakuniy nazorat imtihonlari oʻtkaziladigan fanlarning roʻyxati hamda tartibi bilan tanishishingiz mumkin.








