Maktab “remonti“ uchun ajratilgan pullarni oʻzlashtirgan quruvchidan jarima undirildi

    Andijon viloyatining Asaka tumanidagi maktablardan birini rekonstruksiya qilib berishni vaʼda qilgan MCHJ rahbari ajratilgan pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

    Qayd etilishicha, Asaka tumanidagi maktablardan birini rekonstruksiya ishlari boʻyicha tuzilgan shartnomaga koʻra qurilish masʼuliyati cheklangan jamiyati 1 mlrd. 82 mln. soʻmlik taʼmirlash ishlarini bajarib berishi belgilangan. Biroq, qurilish tashkiloti rahbari amalda bajarilmagan ishlarni bajarilganligini koʻrsatib, jami 5 mln. 803 ming soʻm miqdoridagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

    Sudda oʻz aybiga iqror boʻlgan quruvchi zararni toʻlaganligini bildirgan. Shunga muvofiq, quruvchiga sud tomonidan 1 mln. 700 ming soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

    Byuro xodimlari tomonidan olib borilgan masofaviy tushuntirish ishlari natijasida huquqbuzardan jarima pullari toʻliq undirildi.

    Eslatib oʻtamiz, qonunchilikka koʻra, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar korxona, muassasa, tashkilotlarning mol-mulkini oʻgʻirlash, oʻzlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiisteʼmol qilish yoki firibgarlik yoʻli bilan oz miqdorda talon-toroj bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.