Maktab uchun yangi bino quriladi

    Hukumat 11 Dekabr 2021 4409

    Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mehnat ta’limiga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabini borib ko‘rdi.

    Bu muassasa 1976-yilda qurilgan bo‘lib, 1 ming 178 o‘ringa mo‘ljallangan. Lekin bugungi kunda o‘quvchilar soni bunga nisbatan ko‘p. Bino va jihozlar ham eskirgan.

    Davlatimiz rahbari sinfxonalar, sport zali va oshxonani ko‘zdan kechirdi. Maktab uchun yangi bino qurish, yoshlarga hunar o‘rgatish, amaliyot darslarini korxonalarda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

    - Hamma joyda zamonaviy korxonalar ochilayapti, investitsiya loyihalari amalga oshirilayapti. Ularni yuritadigan salohiyatli kadrlar kerak bizga. Shuning uchun ham muallim va maktablarga, ta’lim sifatini yaxshilashga alohida e’tibor berayapmiz. Salohiyatli kadrlar raqobatni paydo qiladi. Qayerdaki raqobat bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Davlat rahbari shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.

    Muloqotda tibbiyot va maktab ta’limini rivojlantirishga qaratilayotgan ustuvor e’tibor, hokim yordamchilari faoliyatining mazmun-mohiyati, ular vaqt o‘tgach, pastdagi muammolarni o‘z boshidan o‘tkazgan, salohiyatli kadrga aylanishi, shu orqali katta kadrlar zaxirasi shakllantirilishi haqida so‘z bordi.