баннер
21 Mar 2025
06:38

    Maktab va bogʻcha direktorlarining maoshi oshiriladi

    Prezidentning tegishli farmoni bilan maktab direktori va uning oʻrinbosarlari hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorlari ish haqi miqdori oshiriladi.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovaning maʼlum qilishicha, shu yilning 1-sentyabrdan boshlab umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, oʻrinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshiriladi.

    Shuningdek, bogʻchalar direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari 3 va 4 guruhdagi umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti direktori oʻrinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi.

    2026-yil 1-yanvardan boshlab esa umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan direktor va uning oʻrinbosarlariga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) natijasiga koʻra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.

    Tuman boʻlimlarida qoʻshimcha shtatlar ajratilyapti va bu oʻquvchilar bilimini baholashni monitoring qilish, oʻquvchilarga xorijiy til va kasbga oʻrgatish vazifalarini amalga oshirish uchun tegishli lavozimlarni joriy etish imkoniyati yaratadi.

    Bundan tashqari hududiy boʻlinmalari xodimlaringning koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish joriy etilmoqda (Vazirlik tizimidagi qariyb 15 ming nafar boshqaruv xodimlariga koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi). Maktab xodimlari mukofot puli miqdorini mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 75 foizigacha (amalda 50 foizgacha) miqdorida etib belgilanmoqda.

    Yana bir muhim oʻzgarish – avvallari maktablarimizning boʻsh turgan binolari ijarasidan tushgan mablagʻlarning 40 foizigina oʻsha maktabda qolardi. Endilikda ushbu mablagʻlarning 75 foizi oʻsha maktab rivojiga sarflanadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech