Maktab va oliy ta'lim integratsiyasi — zamonaviy, yetuk kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi

    O'zbekiston Milliy universiteti maqsadli kadrlar tayyorlash va maktab o'quvchilarning imkoniyat va qiziqishlaridan kelib chiqib, ularni sohaga yo'naltirish bo'yicha qator tizimli ishlarni rejalashtirgan.

    Jumladan, OTM biriktirilgan tuman maktablarida ham yoshlarni universitetdagi mavjud yoʻnalishlar bilan tanishtirish va ularni kelgusida kasb tanlashlari uchun yetarli axborot berish uchun ochiq muloqotlar, mahorat darslari tashkil qilinmoqda.

    Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 61-son umumtaʼlim maktabida mazkur tumanning 23-son va 227-son umumtaʼlim maktablari bitiruvchi sinf oʻquvchilari va maktab oʻqituvchilari bilan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti vakillari ishtirokida «Maktab va oliy taʼlim muassasasi integratsiyasi» shiori ostida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Milliy universiteti rahbariyati, pedagogika va psixologiya kafedrasi professor-oʻqituvchilari ishtirok etishdi. Maktab bitiruvchilariga universitet tarixi, taʼlim jarayonlari, yoʻnalishlari hamda talabalar hayotida aks etgan oʻzbek va rus tillarida videoroliklar namoyish etildi. Bitiruvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Shuningdek, universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan umumtaʼlim maktab oʻqituvchilari uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalar va amaliy psixologiya fanlaridan mahorat darslari (master-klasslar) tashkil etildi.