Maktabda dars qoldirgan oʻquvchilarning ota-onasiga yuborilayotgan ogohlantirish xati boʻyicha izoh berildi

    Farzandlari maktab darslarini qoldirib kelayotgan ota-onalarga “Ogohlantirish xati” yuborilayotgani xususida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan xabarlarga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova bunga munosabat bildirdi.

    Mazkur xabarlarda endilikda dars qoldirib kelayotgan oʻquvchilarning ota-onalariga “Ogohlantirish xati” yuborilishi va bu orqali ularga turli tartibdagi maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanishi aytib oʻtilgan.

    Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 5-fevral kuni oʻtkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga oʻtkazilganligi aytib oʻtildi.

    Inspektor-psixologlarning asosiy vazifasi, oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan koʻmaklashish, muntazam dars qoldiruvchi oʻquvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iborat.

    Shu maqsadda darslarga muntazam (uch oʻquv kuni va undan ortiq) sababsiz qatnashmayotgan oʻquvchilarning yashash manzillariga tezkor ravishda “Ogohlantirish xati” yuborilmoqda. Unda oʻquvchilarning ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib oʻtilgan.

    Jumladan, farzandlarini tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik, bolalarning majburiy umumiy oʻrta taʼlim olishiga toʻsqinlik qilish oqibatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining tegishli moddasiga asosan qonuniy jazo choralari keltirib oʻtilgan.

    Bundan koʻzlangan maqsad, darsda ishtirok etmayotgan oʻquvchilar oila aʼzolarining masʼuliyati va javobgarligini oshirishdan iborat.

    Eslatib oʻtamiz: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida:

    ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majbur ekanliklari;

    Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 51-moddasida:

    voyaga yetmagan taʼlim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillari bolalarining umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim yoki boshlangʻich professional taʼlim olishini taʼminlashi shart ekanligi keltirib oʻtilgan.