Maktabda elektron kundalik: qanday asoslarda ota-onalar xususiy kompaniya hisob-raqamiga toʻlov qilishi kerak?

    Ta'lim 24 Noyabr 2020 11549

    Elektron kundalik uchun obuna mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlmoqda. AOKAda oʻtgan brifingda Xalq taʼlim vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova shu masala yuzasidan izoh berdi:

    Savol: Maktabda elektron kundalik: qanday asoslarda ota-onalar xususiy kompaniya hisob-raqamiga toʻlov qilishi kerak?

    Javob: “Xalq taʼlimi vazirligi va «Kundalik” kompaniyasi oʻrtasida davlat-xususiy sherikligi asosida shartnoma imzolangan boʻlib, buning natijasida xususiy sarmoya jalb etilgan holda, davlat byudjet mablagʻlari tejaladi.

    Tejalgan davlat mablagʻlari maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga, yaʼni kompyuter va internet bilan jihozlashga yoʻnaltiriladi.

    “Kundalik” kompaniyasiga tushgan mablagʻlar — platformaning texnik infratuzilmasini saqlash, uni rivojlantirish va kengaytirish uchun sarflanadi.

    “Kundalik” loyihasi toʻliq “Kundalik” kompaniyasi tomonidan moliyalashtiriladi. Mablagʻlar dasturiy taʼminotni yaratish, ishlatish va saqlashga, tizimni boshqa maktablarda tatbiq etishga sarflanadi».

    Savol: Oʻzbekistonda har kim bepul taʼlim olish huquqiga ega. Elektron kundalik uchun toʻlov bolaning bu huquqini cheklamaydimi?

    Javob: Yoʻq, cheklamaydi.

    Sababi kundalik yoki boshqa oʻquv anjomlari maktab tomonidan bepul berilmaydi; ota-onalar har doim oʻz farzandlari uchun zarur boʻlgan barcha narsalarni oʻzlari xarid qilib kelishgan.

    Elektron kundalikning joriy etilishi bilan qogʻoz kundalikdan voz kechilmoqda. Bunda qogʻozli kundalikning oʻrtacha bahosi hisobi olinib, uning elektron muqobiliga yillik obuna — 9200 soʻmga baholanmoqda.

    Savol: Elektron kundalik xorijiy kompaniyaniki boʻlsa, bu bolalarning maʼlumotlarini xavfga qoʻymaydimi?

    Javob: Elektron kundalik foydalanuvchilari toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar “Oʻzbektelekom” serverlarida saqlanadi.

    Bu esa, oʻquv jarayonidagi barcha ishtirokchilarga oid shaxsiy maʼlumotlarning ishonchli himoyasini taʼminlaydi.

    Bundan tashqari Kundalik.com TAS-IX hududida joylashgan boʻlib, platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalanilganda internet-trafik sarflanmaydi.