Bir nechta kitoblari chop etilgan, yozgan spektakllari sahnalashtirgan ijodkor, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi sifatida, qolaversa, insonlik burchim yuzasidan kitoblar haqida taʼkidlashdan hech tolmayman. Chunki inson kamoloti, maʼnaviyati, ruhiy oʻsishida kitobning oʻrni juda katta. Bugungi shukuhli kunlarda ham dilimdan shunday oʻylar kechib turibdi.

Mustaqilligimizning 30 yilligi hamda bilimlar kuni munosabati bilan 6-sentyabrda Olmazor tumanidagi birinchi maktabda “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Diltortar kuy-navolardan iborat davrani ona tili va adabiyot ustozi Malohat Sodiqova olib bordi.

Kitob borasida gap boshlangan ekan, uni muxtasar qilsak. Bugun kitob oʻqishlikning ikkita yaxshi tarafini aytmoqchiman. Bu har bir inson: yoshu qari uchun birday muhim. Kitob oʻqigan insonning miya hujayralari orasidagi koʻpriklar yaʼni bogʻlanish yoʻllari koʻpayadi. Yana kim koʻp kitob oʻqisa, nutqi ravon boʻladi. Nutqi benuqson kishining esa el orasida obroʻsi baland boʻladi. Shuning uchun xalqimiz “Ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga” deb topib aytgan. Kitob mutolaasining ana shunday yaxshi xislatlarini yana koʻplab sanash mumkin.

Hozirgi yoshlar orasida bilim berishni targʻib qilish bilan birga, ular orasida doʻstlikni, ahil-inoqlikni ham targʻib qilish muhim. Bir stol atrofida oila aʼzolari bilan bahamjihat oʻtirib oʻsib voyaga yetgan bolalarda doʻstlashish xislati kuchliroq boʻladi. Hozir maktablarda bolalar orasida koʻpayib borayotgan mushtlashish, pichoqbozlik, huquqbuzarliklar borishini oldini olish choralarini koʻrish kerak. Buning uchun sport musobaqalari, turli ijodiy tadbirlarni tizimli tashkil etish maqsadga muvofiq. Sinfda qizlar va oʻgʻil bolalar alohida-alohida doʻstlar guruhini tashkil etishi kerak. Ajratmachilik qilish, tabaqalashtirish, guruhbozlikka chek qoʻyish burchimiz. Biz bir xalq sifatida, bir millat sifatida bir sinf boʻlib, bir maktab boʻlib, bir oila, bir mahalla boʻlib, bir dasturxon atrofida jipslashsak davlat sifatida farovonlikka, koʻzlagan maqsadimizga yetamiz. Chunki doʻst doʻstini aldamaydi.

Baxtimiz shu makonda,

Ajib goʻzal zamonda,

Koʻrishamiz har onda,

Doʻst boʻlishga majburmiz.

Tutashdir ildizimiz,

Birdir oy, yulduzimiz,

Oʻxshash qosh-koʻz, soʻzimiz,

Doʻst boʻlishga majburmiz.

Hazrat Mir Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida Shopur va Farhodning doʻstligi ibrat, namuna boʻlgulik. Ishqqa mubtalo boʻlgan qahramon Farhod ayyor kampir tuzogʻiga tushib turli balolarga giriftor boʻladi. Ana shunday ogʻir vaziyatlarda Farhodga doʻstlik tayanch boʻladi. Shopur doʻsti uning dardlardan forigʻ boʻlishida koʻmak beradi.

Tadbirda soʻzga chiqqan “Oʻzgalar dardi”, “Koʻngil” va yuzdan ortiq spektakl, kinolarda bosh rollarni ijro etgan Oʻzbekiston Xalq artisti Muqaddas Holiqova ham maktabda oʻzi boshdan kechirgan xotiralari bilan oʻrtoqlashdi. Boshlangʻich va katta sinf oʻquvchilari sheʼrlar aytib, qoʻshiq va raqslar ijro etdi. Shu bilan birga jamoatchilik ishlarida va taʼlim sohasidagi xizmatlari uchun bir necha pedagog, ustozlar taqdirlandi.

Soʻzga chiqqan maktab direktori Yoʻldosh Shorustamov hukumatimiz tomonidan maktablarga ajratilayotgan eʼtibor haqida va yangi oʻquv yilida oʻquvchilar oʻqib oʻzlashtirishi zarur boʻlgan bilim, koʻnikmalar, vaqtdan unumli foydalanish va har bir oʻquvchining maktabdagi maqsadi boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Darhaqiqat, bolalar maktabdagi maqsadlari nima ekanligini bilishlari juda muhim. Ular oʻz hayotlarida maqsadlarini topishida shu kabi uchrashuvlar, adabiy tadbirlar, ustozlar oʻgiti va albatta kitob katta koʻmakchidir.

Oʻzbektosh Qilichev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.