Tadqiqot “Yuksalish” umummilliy harakatining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “Oʻzbekistonda birinchi antikorrupsiya laboratoriyalarini yaratish” loyihasi doirasida oʻtkazildi.

2020-yil dekabr oyida ishga tushirilgan loyiha maqsadi – ekspertlik laboratoriyalarini tashkil etish va respublika miqyosida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oʻrganish, tadqiqotlarga keng jamoatchilikni jalb etish. Tadqiqotning birinchi bosqichi soʻrovnoma va intervyu shaklida olib borildi va u bolalarni boshlangʻich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va halollikni baholashga qaratildi.

Tadqiqot Oʻzbekistondagi 114 ta maktabdagi boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ota-onalari, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari va maktab direktorlarini qamrab oldi. Aprel oyida Toshkent shahridagi ikkita maktabda uch toifa respondentlar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazildi. May – iyun oylarida 14 ta viloyatdagi 114 ta maktabda kengaytirilgan soʻrovlar oʻtkazildi, bunda 28 ta shahar, 31 ta tuman markazi, 31 ta qishloq aholi punkti qamrab olindi. Tadqiqotda jami 4 920 nafar respondent, shu jumladan, 114 nafar maktab direktori, 1 563 nafar boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, 3 243 nafar ota-ona ishtirok etdi. Toʻplangan barcha maʼlumotlar tizimlashtirildi va tahlil qilindi.

Jamoatchilik muhokamasi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat olib boruvchi davlat organlari, milliy va xorijiy ekspertlar, xalq taʼlimi vakillari ishtirokida tahliliy tadqiqotning asosiy natijalari taqdimotlari oʻtkazildi. Uch toifa respondentlar – boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ota-onalari va direktorlar, umuman, maktabga qabul jarayonida bevosita qatnashuvchilar orasida kasbiy etikaga zid va korrupsiyaviy xatti-harakat omillari va qator faktlar aniqlangani taʼkidlandi.

Soʻrovnoma ishtirokchilarining javoblari asosida korrupsiyaviy xavflar yoki nohalollik omillari boʻlgan umumiy tendensiyalar aniqlab olindi. Bu tendensiyalar boshlangʻich maktabga qabul jarayoni va taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi qayd etildi. Ular asosan, mikrohududlarning kvota tizimi, maktab binosining yetishmasligi (sinflarda oʻquvchilari soni meʼyoridan oshib ketishi), 1-sinfga qabul qilishda taʼlim tili boʻyicha aniq talablar yoʻqligi, taʼlim sifati pastligi kabi muammolar bilan bogʻliq.

Masalan, soʻrovda qatnashgan har beshinchi ota-ona maktabda joy qolmagani uchun oʻzi yashaydigan mikrohudud kvotasi boʻyicha farzandini joylashtira olmaganini maʼlum qildi. Oʻqituvchilar tomonidan sinflarda oʻquvchilar sonining meʼyoridan oshib ketishi holati boʻyicha eng koʻp Namangan viloyatidan (52 foiz), Andijon viloyatidan (37,5 foiz), Toshkent viloyatidan (29 foiz), Xorazm viloyatidan (26 foiz) fikr bildirildi.

Muammolarning aksariyati byudjet mablagʻlarining yetarli emasligiga borib taqalmoqda, bu, oʻz navbatida, ota-onalar tomonidan norasmiy toʻlovlarni amalga oshirishiga, oʻqituvchilar va direktorlarning etikaga zid harakat qilishlariga sabab boʻlyapti. Yana bir tendensiya maktab taʼminoti, uning infratuzilmasi, maktab xodimlarining oylik maoshi kamligi, malakali kadrlar yetishmasligi, bolalar maktabga qabul qilinayotganda psixologik jihatdan tayyor emasligi, shuningdek, ota-onalar, yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan oʻqituvchi yoki direktorga taʼsir va bosim oʻtkazish masalalarini qamrab oladi.

Taqdimotda bunday holatlarning sabablari ochiqlandi, xulosa va tavsiyalar taqdim etildi. Oʻrganishlar natijalari boʻyicha loyihaga jalb etilgan ekspertlar, taʼlim sohasi mutaxassislari, fuqarolik jamiyati vakillari, jurnalistlar fikr bildirdi. Ishtirokchilar tahlil qilingan maʼlumotlarni muhokama qilish bilan birga, ishlab chiqilayotgan metodologiyani takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalari, xalqaro tajribasi bilan ham oʻrtoqlashdi.

Ishlab chiqilgan tavsiyalar hamda tadqiqot metodologiyasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.