Oʻtgan 2022-yilning dekabr oyi oxirlarida maktabga borish uchun Sirdaryoni suzib oʻtayotgan qizaloq haqida koʻp yozildi. Kimdir qizning jasoratiga tasanno aytgan boʻlsa, oʻn ikki yoshli qizning yolgʻiz qayiq boshqarishiga yoʻl qoʻyishgani uchun ota-onasini, masʼullarni eʼtiborsizlikda ayblaganlar ham topildi.
Oʻshanda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev internet tarmogʻini “portlatgan” holat ishtirokchisi, asli bekobodlik Zamira Toʻychiyevaning maktabiga borib, unga noutbuk va kitoblar sovgʻa qilgan, onasi bilan suhbati chogʻida qizaloqning puxta bilim olishi uchun barcha yordamni koʻrsatishini aytgandi.
Buni qarangki, endilikda qizaloq har kuni daryoni kechib maktabga bormaydi. Viloyat hokimining taklifiga koʻra qahramonimiz yangi oʻquv yilidan boshlab Guliston Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida akademik eshkak eshish yoʻnalishida oʻqishni davom ettiradigan boʻldi.
Markazda yotoqxona va 4 mahal bepul ovqat bilan taʼminlanadi. Shuningdek, boʻsh vaqtlarida unga “Yoshlar markazi”da dasturlash hamda IT-sohasini oʻrganishi uchun sharoit yaratib beriladi.