Davlatimiz va hukumatimiz, chunonchi Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev yurtimiz fuqarolari, ayniqsa yosh avlodning bunday baxtli hayot va kelajakka yuz tutishida keng dunyoqarash va yuksak maʼnaviyatga ega boʻlishlari lozim deb hisoblamoqdalar. Xuddi shu masala Prezident va hukumatning maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida qabul qilgan barcha qonun, farmon, farmoyishlarida oʻz aksini topmoqda. Jumladan, 2019-yil 16-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi qonuni va 2020-yil 22-dekabrda ilk bor “Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim standarti”ning qabul qilinishi misolida koʻrishimiz mumkin.
Maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarning ijrosi Qashqadaryo vohasida ham tizimli va yakdil amalga oshirib kelinmoqda. Tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, bugungi kunga kelib Qashqadaryo vohasida maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni va bolalar qamrovi jadal oʻsib bormoqda. Aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, 2018-yilda vohada atigi 326 ta davlat MTTlari faoliyat yuritgan boʻlsa, 2021-yilga kelib davlat MTTlarning soni 394 taga, xususiy MTTlar 41 taga, davlat xususiy sherikchiligidagi MTTlar 109 taga, oilaviy nodavlat MTTlar soni 1144 yetdi. Bolalar qamrovi esa, 2018-yilda 32059 nafar maktabgacha yoshdagi bola MTTlarga qamrab olingan boʻlsa (13% ), 2021-yilda esa 128957 nafar bola MTTlarga qatnay boshladi (44 %).
Ayni kunlarda Qashqadaryo vohasida mazkur MTTlarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish mexanizmini takomillashtirish, maktabgacha taʼlim sohasida xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash kabi vazifalar manzilli amalga oshirib kelinmoqda.
Shu bilan birga, vohada maktabgacha taʼlim sohasi boʻyicha kadrlar tayyorlashning sifat darajasini oshirish, oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, oʻquv-tarbiya jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar va oʻquv-uslubiy materiallarini keng joriy qilish kabi dolzarb muammolarni bartaraf etish borasida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ayni kunlarda maktabgacha taʼlim boʻyicha Qarshi davlat universitetida kunduzgi, sirtqi, maxsus sirtqi taʼlim yoʻnalishlarida 1144 nafar talaba va magistratura mutaxassisligida 14 nafar magistr tahsil olmoqda. 2020-2021 oʻquv yilida mazkur yoʻnalishni 308 nafar talaba tamomlaydi va ushbu sohada oʻz faoliyatini amalga oshiradi. Bu koʻrsatkich 2019-yilgacha boʻlgan bitiruvchi talabalar soniga nisbatan olganda 77 % ga oshganligini koʻrsatadi.
Oʻz navbatida shuni taʼkidlashimiz joizki, ushbu sohadagi oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashning sifat va samaradorligini oshirish, raqobatbardoshligini yuksaltirish maqsadida Qarshi davlat universiteti Janubiy Koreyaning KOICA tashkiloti va Rossiyaning bir qancha oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatdi.
2019-yildan buyon KOICA tashkilotidan bir nafar ilmiy darajali professor-oʻqituvchi Li Yongil maktabgacha taʼlim yoʻnalishi talabalariga maktabgacha taʼlim sohasi boʻyicha xorijiy tajribalarni oʻrgatib kelayotgan boʻlsa, 2018-2019, 2020-2021 oʻquv yillarida Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti dotsentlari Ivashenko Yelena va Rijkova Yuliya maktabgacha taʼlim yoʻnalishida oʻquv mashgʻulotlarini olib bormoqdalar.
Yuqoridagi fikrlarga koʻra shuni taʼkidlashimiz joizki, vohamizdagi bu kabi ishlar kelajakda uning taraqqiyotiga xizmat qiladigan intellektual salohiyatli, tashabbuskor, shijoatli, vatanparvar, jismoniy sogʻlom avlodni yetishtirishga xizmat qiladi. Zero, bu kabi fazilatlarga ega avlodni tarbiyalashdan jamiyatimiz, davlatimiz va albatta vohamiz birdek manfaatdor hisoblanadi.
N. Oripova,
Qarshi davlat universiteti Maktabgacha taʼlim kafedrasi mudiri