Uchrashuv doirasida maktabgacha taʼlim tizimidagi islohotlarni amalga oshirish va erishilgan ilgʻor natijalar, shuningdek kelgusi yillarda maktabgacha taʼlim sohasida rivojlanishning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha masalalar muhokama qilindi.
Respublika boʻyicha maktabgacha taʼlimga qamrab olish koʻrsatkichlari 2017-yili 27% dan 2021-yilga kelib 62% gacha oshishi natijasida, bugungi kunga kelib 1,7 milliondan ortiq maktabgacha yoshdagi bolalar maktabgacha taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldilar, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.
“Bugungi kunda maktabga chiqish yoshidagi bolalarning 77 %i maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olindi, 2025-yilga borib ularning barchasini bir yillik majburiy bepul taʼlim tizimiga qamrab olinishi rejalashtirilganmiz”, — deya taʼkidladi maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin.
“Oʻzbekiston qisqa muddat ichida bolalarni maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olish darajasini deyarli 2,5 barobarga oshirishi, bir yillik majburiy taʼlimga qamrab olish esa 77% ga yetgani, “Ilk Qadam” davlat oʻquv dasturi va pedagoglarni malakasini oshirish boʻyicha qilingan ishlar tahsinga sazovordir”, — dedi YUNESKO Bosh direktorining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Djannini.
Uchrashuv jarayonida 2022-yil kuzda Toshkent shahrida ilk yoshdagi bolalarga tarbiya va taʼlim berish boʻyicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasini oʻtkazish masalasi muhokama qilindi.