Oʻrganish natijasida Beshariq tumanida 15 ta, Quva tumanida 9 ta, Margʻilon shahrida 8 ta, Quvasoy shahrida 6 ta, Fargʻona shahrida 2 ta, Oltiariq va Fargʻona tumanlarida 1 tadan maktabgacha taʼlim tashkilotiga yetkazib berilgan goʻsht mahsulotlarining sifati qoniqarsiz ekani, tarkibida suyak va mol yogʻi miqdori belgilangan meʼyor talablaridan yuqori ekani aniqlandi.

Xususan, Fargʻona shahrida va Fargʻona tumanida “Volida” f/x tomonidan, Beshariq tumanida “Oybek Aziya chorva” d/x hamda “Business Company Invest” MCHJ tomonidan, Margʻilon shahrida “Qubbo tayyorlov taʼminoti” MCHJ tomonidan, Quva tumanida “Isaqjon Tojiboyevich Toshboyev” d/x, “Qubbo tayyorlov taʼminoti” MCHJ, “Ideal panper” MCHJ hamda “Quva shukronasi” MCHJ tomonidan MTTlarga yetkazib berilgan muzlatilgan goʻsht mahsulotining sifatsizligi hamda tarkibida suyak va mol yogʻi miqdori belgilangan meʼyor talablaridan yuqori ekani, baʼzi hollarda muzdan erishi oqibatida ortiqcha suv ajralib, taom sifatiga taʼsir qilayotgani maʼlum boʻldi.

Ushbu taʼminotchilarga qonun doirasida tegishli choralar koʻriladi. Shuningdek, bu masalada ushbu shahar va tumanlar maktabgacha taʼlim boʻlimlari rahbarlari hamda sifatsiz goʻsht mahsulotlarini qabul qilib kelgan bogʻcha mudiralari bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvi hamda korrupsiya holatlari mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan tekshiruv oʻtkaziladi.