Maktabgacha taʼlim tizimida “S-board” taʼlim platformasini joriy etish masalasi muhokama etildi

    Ta'lim 2 May 2023 1394

    Maktabgacha taʼlim agentligida Koreya-Oʻzbekiston Biznes Assotsiatsiyasi rahbariyati va Koreyaning “EdulinkGlobal” kompaniyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari — Maktabgacha taʼlim agentligi direktori A.Shin bugun Koreya-Oʻzbekiston Biznes Assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari janob Kim Chang Keon va “EdulinkGlobal”ning Ijrochi direktori Chungrim Xan xonim bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini raqamlashtirishga qaratilgan “S-board” taʼlim platformasini joriy etish boʻyicha dolzarb masalalar muhokama etildi. Tomonlar, shuningdek, “S-board” platformasi ishlab chiquvchilarini mamlakatimiz maktabgacha taʼlim tizimi pedagoglari uchun onlayn oʻquv seminarlarini oʻtkazishga taklif etish masalasini muhokama qildilar.

    Janob Kim Chang, oʻz navbatida, Koreya-Oʻzbekiston Biznes Assotsiatsiyasi Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim tizimini yanada rivojlantirishga koʻmaklashishini va Maktabgacha taʼlim agentligi bilan amalga oshirilayotgan barcha qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshirishini maʼlum qildi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim agentligi matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunida tomonlar respublika aholisi oʻrtasida “S-board” taʼlim platformasini ommalashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga qaror qildilar.