Agrippina SHIN, O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vaziri:
Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasida mamlakatimizni yanada rivojlantirishning eng muhim vazifalari, ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlari bayon qilindi, kelgusida yoshlar, xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarga munosib ta'lim-tarbiya berish, ularni ushbu ta'lim bilan qamrab olish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari Murojaatnomada “Bola dunyoga kelganidan boshlab, unda aynan maktabgacha bo'lgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy-estetik va jismoniy xislatlar shakllanadi. Shu bois ham, kelgusi yillarda maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish borasidagi strategik maqsadimiz — ijtimoiy ahvolidan qat'i nazar, bog'cha yoshidagi har bir bolani ushbu ta'lim yo'nalishi bilan to'liq qamrab olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat. Kelgusi yil yakuni bilan maktabgacha ta'lim qamrovini 65 foizga, 2023 yil oxirida esa 75 foizga etkazishimiz kerak. Bu ishlarga byudjetdan 600 milliard so'm subsidiya berish hisobidan qo'shimcha 2 mingta nodavlat bog'cha tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga etkaziladi”, deya ta'kidlab o'tdi
Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularga ta'lim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratish yo'lida katta imkoniyatlar yaratilmoqda.
Kelajagimiz egalari bo'lgan dilbandlarimizga qaratilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik zamirida ham ana shunday ezgu maqsad mujassam. Prezidentimiz so'nggi to'rt yil ichida bolalar qamrovi 60 foizga etgan MTTlar soni 14 mingdan
oshganini qayd etdi. Maktabgacha ta'lim sohasida xususiy sektor ulushining oshirilishi yosh avlodga bog'cha paytidanoq sifatli ta'lim-tarbiya berish, ularni jismoniy va ma'naviy sog'lom, vatanparvar insonlar bo'lib ulg'ayishiga zamin yaratadi.
Murojaatnomada ta'kidlanganidek, 2021 yilda maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan 560 ming nafar 6 yoshli bolalar yoki ularning 82 foizi qamrab olinadi. Uzoq qishloqlarda maktabgacha ta'limning muqobil shakllari yanada kengaytiriladi. Bunda YUNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta'limni uyda berish modeli ham yo'lga qo'yiladi.