Maktabgacha taʼlim vaziri Fransiya Elchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 8 Iyul 2022 2942

    2022-yil 7-iyulda Maktabgacha taʼlim vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shinning Fransiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oreliya Bushez xonim va Fransiya elchixonasining taʼlim va universitetlarda hamkorlik boʻyicha attashesi Janob Serj Bellini bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda tomonlar maktabgacha taʼlim sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va uni yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildi.

    Bushez xonim Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va Fransiya Inklyuziv taʼlim Milliy instituti oʻrtasida vazirlik delegatsiyasining Parijga soʻnggi tashrifi chogʻida tuzilgan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolanganini olqishladi.

    Uchrashuvda tomonlar inklyuziv taʼlim sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, ushbu sohaga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida yangi metodikani joriy etish orqali fransuz tilini oʻqitish, shuningdek, fransuzlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, shuningdek Fransiya taʼlim telekanali va “Aqlvoy” telekanali oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalarini muhokama qildilar.

    Shuningdek, Oʻzbekistonda fransuz modeli asosidagi maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil etish imkoniyati toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Fransiya Respublikasi oʻrtasida maktabgacha taʼlim sohasida faol muloqotni davom ettirish uchun muntazam ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashdilar, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.