Hujjatga koʻra, maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasi hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, 2022/2023-yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlash tizimining qamrab olinishi darajasini 90 foizga, 2024/2025 oʻquv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Maktabgacha taʼlim tizimiga xususiy sektor mablagʻlarini jalb qilish orqali 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, mazkur farmonda maktabgacha taʼlim tizimida taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha islohotlarni yanada jadallashtirish boʻyicha qator takliflar qayd etilgan.
Xususan, bogʻcha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Hujjatga koʻra, 2022–2026-yillarda 160 mingdan ziyod pedagog kadrlar malakasining oshirilishi belgilandi. Shuningdek, maktabgacha taʼlim-tarbiya jarayonlarini ilmiy asoslangan yondoshuvlar asosida takomillashtirish nazarda tutilmoqda.









