Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, shu yilning 16-avgust kuni Toshkent viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish boʻlimi boshligʻining xizmat xonasida nomaʼlum shaxs tomonidan fayl papka qoldirib ketildi. Xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning ichida 5000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻi borligi aniqlandi.
Ushbu holat boʻyicha zudlik bilan viloyat boshqarma boshligʻi va boshqa masʼul xodimlar guvohligida dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda xizmat tekshiruvi oʻtkazish boʻyicha zarur ishlar amalga oshirilgan.
Mavjud vaziyat Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovaning shaxsan nazoratiga olindi hamda holat boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrnatilgan tartibda xabardor qilindi. Ayni vaqtda zarur surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash oʻrinliki, vazirlik tomonidan tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, bunga qarshi murosasiz kurashish, soha faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan, xodimlarning oʻz xizmat vazifalarini suisteʼmol qilmasligi, fuqarolar va davlat xizmatchilar bilan oʻzaro muloqot maydonini yaratishda qonuniy talablarni taʼminlash boʻyicha zarur tushuntirish ishlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Eslatib oʻtamiz: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga koʻra, pora olish-berish bilan bogʻliq harakatlar jinoyat hisoblanib, oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Toshkent viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Nazokat Urazova halolligi uchun vazirning tegishli buyrugʻi asosida lavozim maoshining 3 barobari miqdorida moddiy ragʻbatlantirildi.