Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegasiyasi BAAda xizmat safarida bo‘lib turibdi

    Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda BAA prezidenti devonining ta’lim va tadqiqotlar bo‘yicha kotibiyati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligidagi vazirlik delegasiyasi Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo‘lib turibdi.

    Unda vazirlik delegasiya qator ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilmoqda. Jumladan, ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvlari doirasida Vazir Hilola Umarova BAA Ta’lim vaziri, Doktor Ahmad Belhul Al Falasi bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda tomonlar BAA va O‘zbekiston ta’lim tizimlarini o‘rganish va hamkorlikda qo‘shma loyihalar tashkil etish, O‘zbekistonda xorijiy til sifatida arab tili o‘qitiladigan maktablar uchun o‘quv-metodik majmualarni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, pedagoglarning malakasini oshirish, ular faoliyatini lisenziyalash bo‘yicha tajriba almashish hamda maktab o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish kabi masalalarni muhokama qilishdi.

    Shuningdek, vazir BAAning “Emirates National School” ixtisoslashtirilgan maktabida BAA Prezidenti Devonining ta’lim va tadqiqotlar bo‘yicha kotibi o‘rinbosari Doktor Abdulloh Mug‘robiy bilan uchrashdi.

    Unda STEM fanlari hamda arab tilini o‘qitish bo‘yicha BAAdan mutaxassislarni jalb etish kabi sohalarda hamkorlik qilish masalalar muhokama qilindi.

    Muzokaralar natijasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirligi Prezidenti Devonining ta’lim va tadqiqotlar bo‘yicha kotibiyati o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Vazir Hilola Umarova boshchiligidagi vazirlik delegasiyasi Birlashgan Arab Amirliklarining Alef Education tashkiloti bosh ofisida bo‘lishdi.

    Tashkilot Bosh direktori Jefri Alonso va kompaniya vakillari bilan bo‘lgan o‘zaro uchrashuvlar davomida Alef raqamli ta’lim platformasini O‘zbekistonda mahalliy sharoitga moslashtirilgan holda joriy etish, katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ta’lim boshqaruvida eng optimal qaror qabul qilish bo‘yicha Respublikamiz hududida tajriba-sinov loyihasini ishga tushirish, formativ va summativ baholash mexanizmini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

    Ma’lumot o‘rnida, Alef raqamli ta’lim platformasi o‘quvchilar bilimini baholash, pedagoglar faoliyatini o‘quvchilar bilimiga asoslangan holda Big Data va sun’iy intellekt yordamida baholab borish, o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini tizimdagi ma’lumotlar tahlili asosida prognozlash, arab tilini chet tili sifatida o‘qitish hamda STEAM yo‘nalishidagi ta’limni onlayn platforma yordamida yo‘lga qo‘yish kabi imkoniyatlarga ega platforma hisoblanadi.

    Hilola Umarova, “Yangi O‘zbekiston” universiteti vakillari hamda Xalifa fan va texnologiyalar universiteti ijrochi vise-prezidenti Doktor Ahmad al Shoibi bilan uchrashdi.

    Unda quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi:

    - Hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish;

    - xalqaro ilmiy konferensiyalarni birgalikda tashkil etish;

    - tajriba almashish dasturini joriy etish.

    Ma’lumot uchun, Xalifa fan va texnologiyalar universiteti dunyoda 181-o‘rinda turadi.

    Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetining BAAda bo‘lib turgan delegasiyasi Al Ain universiteti prezidenti Ghaleb Awad El Refae bilan uchrashdi.

    Uchrashuv davomida o‘quv dasturlarini xalqaro akkreditasiyadan o‘tkazish, muhandislik maktabi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturini amalga oshirish, birgalikda ilmiy-tadqiqotlar olib borish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish muhokama qilindi.