«Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sogʻlom va bilimli avlodga bogʻliq.
Shu bois, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida sogʻlom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur», — dedi davlatimiz rahbari.
Oxirgi 7-yilda maktabgacha va maktab taʼlimi uchun mablagʻ 7 karra oshirilgani, joriy yilda bunga 60 trillion soʻm yoʻnaltirilayotgani taʼkidlandi.
Maktablarda 1 millionga yaqin, bogʻchalarda 1,5 million yangi oʻrinlar yaratildi. Bogʻcha bilan qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetdi.
Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida oʻqituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming oʻqituvchi hozirda 8-12 million soʻm maosh olayapti.
Bogʻcha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab oʻqituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi oʻquv yilidan maktab direktorlari, oʻrinbosarlari va bogʻcha mudiralarining ish haqi 7-10 million soʻmdan oshadi.