2024-2025 oʻquv yilidan boshlab:

maktablarda “Huquqiy sinf” tashkil etish va huquqiy fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish orqali yuridik kadrlar tayyorlashda “maktab – litsey – texnikum – universitet” tizimi joriy etiladi;

Namangan va Samarqand viloyatlaridagi yuridik texnikumlar bazasida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseylariga qabul boshlanadi.

“Huquqiy sinf”ni tashkil etishning asosiy vazifalari:

zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda “Davlat va huquq asoslari” fanini chuqurlashtirib oʻrganish;

“Huquqshunoslik” yoʻnalishi boʻyicha variativ oʻquv rejalari asosida oʻquvchilarni taʼlimning keyingi bosqichlarida samarali tahsil olishga tayyorlash;

huquqni muhofaza qilish faoliyati yuridik amaliyoti xodimlarini jalb etish orqali sinfdan tashqari ishlarni samarali tashkil etish;

oʻquvchilarni “Davlat va huquq asoslari” fani boʻyicha maktab, tuman (shahar), viloyat va respublika olimpiadalari hamda boshqa tadbirlarda ishtirok etishga tayyorlash.

Maktablarda “Huquq” fani oʻqituvchilarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini uzluksiz oshirib borish va ularni Adliya vazirligining maxsus elektron platformasi orqali uslubiy taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, oʻquvchilar oʻrtasida “Huquqshunos bilimdon” olimpiadasi va “Huquq” fani oʻqituvchilari oʻrtasida “Eng yaxshi huquq oʻqituvchisi” tanlovi oʻtkaziladi.

Bunda, oʻquvchilarning huquqiy bilimlarni mustaqil oʻzlashtirishiga qaratilgan koʻrgazmali oʻquv qoʻllanmalar, videoroliklar, kompyuter oʻyinlari va mobil ilovalardan foydalaniladi.

“Huquqiy sinf”ga “Davlat va huquq asoslari” faniga qiziqqan 8-sinf oʻquvchilari orasidan tanlab olinadi va maktab pedagogik kengashining tavsiyasiga asosan direktor buyrugʻi bilan oʻtkaziladi.

“Maktab – litsey – texnikum – OTM” uzluksiz taʼlim tizimi boʻyicha akademik litseylarni muvaffaqiyatli tamomlagan (ikki yillik oʻqish davrida har oʻquv yilining yakuniy baholari “aʼlo” va “yaxshi” boʻlgan) bitiruvchilar 2024-2025 oʻquv yilidan boshlab yuridik texnikumlarga toʻgʻridan-toʻgʻri (toʻlov-kontrakt asosida) testlarsiz qabul qilinadi.

Hujjat bilan yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularda qonunga itoatkorlik ruhini tarbiyalash va jinoyatchilikka nisbatan murosasizlik chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.