Maktablarda inklyuziv taʼlim joriy etiladi

    Ta'lim 14 Oktabr 2020 4762

    2020-yil 13-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4860-sonli “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qaror bilan 2020-2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2020-2021-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

    Qarorga muvofiq, 2021/2022 oʻquv yilida tajriba-sinov tariqasida:

    - shaharlarda va Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan maktablarda inklyuziv taʼlim joriy qilinadi;

    - Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan maktabda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun boshlangʻich tayanch korreksion sinflar ochiladi;

    - Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida joylashgan bittadan kasb-hunar maktabida ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hamda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etiladi.

    Shuningdek, 2021/2022 oʻquv yilidan:

    - ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida majburiy oʻrta taʼlim 11 yillik (intellektual rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 9 yillik) muddatda amalga oshiriladi;

    - ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining 10-11 sinf (intellektual rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 8-9 sinf) oʻquvchilari uchun kasbga oʻqitish kurslari tashkil etiladi va bitiruvchilarga sertifikat beriladi.

    2021-yil 1-yanvardan ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining rahbar xodimlariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida toʻlanadi.

    Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi qoshida uning belgilangan shtat birliklari doirasida “Inklyuziv taʼlim laboratoriyasi” tashkil etiladi.

    Mazkur laboratoriyaning asosiy vazifalaridan biri maktablarda inklyuziv taʼlim uchun shart-sharoitlar yaratish, inklyuziv taʼlim berishning sifati va samaradorligini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish hisoblanadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.