Maktablarda inklyuziv ta'lim joriy qilinadi

    “Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori qabul qilindi (PQ–4860, 13.10.2020 y).

    Qaror bilan 2020-2025 yillarda xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'limni rivojlantirish kontseptsiyasi va uni 2020-2021 yillarda amalga oshirish bo'yicha "yo'l xaritasi" tasdiqlandi.

    Qarorga muvofiq, 2021/2022 o'quv yilida tajriba-sinov tariqasida:

    - shaharlarda va Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan maktablarda inklyuziv ta'lim joriy qilinadi;

    - Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan maktabda alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar uchun boshlang'ich tayanch korrektsion sinflar ochiladi;

    - Qashqadaryo, Farg'ona va Xorazm viloyatlarida joylashgan bittadan kasb-hunar maktabida ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hamda alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etiladi.

    Shuningdek, 2021/2022 o'quv yilidan:

    • Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida majburiy o'rta ta'lim 11 yillik (intellektual rivojlanishida nuqsonlari bo'lgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 9 yillik) muddatda amalga oshiriladi;
    • Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining 10-11 sinf (intellektual rivojlanishida nuqsonlari bo'lgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 8-9 sinf) o'quvchilari uchun kasbga o'qitish kurslari tashkil etiladi va bitiruvchilarga sertifikat beriladi.
    • 2021 yil 1 yanvardan ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining rahbar xodimlariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to'lanadigan ustama haqi bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida to'lanadi.
    • O'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi qoshida uning belgilangan shtat birliklari doirasida “Inklyuziv ta'lim laboratoriyasi” tashkil etiladi.
    • Mazkur laboratoriyaning asosiy vazifalaridan biri maktablarda inklyuziv ta'lim uchun shart-sharoitlar yaratish, inklyuziv ta'lim berishning sifati va samaradorligini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish hisoblanadi.