Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktyabrdagi 558-son qarori bilan “Umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ma'naviy-ma'rifiy hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi” tasdiqlandi.

Konsepsiyaning asosiy maqsadi etib o'quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash belgilangan.

Bunda maktab, oila, mahalla va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligini yanada kuchaytirish asosiy vazifa sanaladi.

Maktablardagi mavjud holatni o'rganish va tahlil qilish mezonlari asosida aniqlangan “qizil” toifadagi maktablarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish maqsadida idoralararo hamda keng jamoatchilik hamkorligi tashkil etiladi. Shuningdek, “sariq” toifadagi maktablarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, “yashil” toifadagi maktablar tajribasini keng targ'ib qilish va ommalashtirish choralari ko'riladi.