Maktablarda rus tilini oʻqitish sifati yana-da oshiriladi

    Ta'lim 14 Oktabr 2020 4370

    A.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti mutaxassislari mamlakatimizdagi rus tili oʻqituvchilarining malaka oshirishlariga yordam beradi.

    Rossiyalik oʻqituvchi va metodistlar Sirdaryo viloyatining oʻzbek tilida dars oʻtiladigan maktablarda rus tili oʻqituvchilarining malaka oshirishlariga yordam beradi. Xususan, mahalliy maktablar oʻqituvchilari va oʻquvchilari oʻrtasida rus tilini bilish darajasini nazorat qilish ularning asosiy vazifalaridan sanaladi.

    Lopatenko Yekaterina Sergeyevna va Novikova Viktoriya Viktorovnalar Sirdaryo viloyatida ishni rus tilini oʻqitish sifatini baholash hamda hamkasblariga tilni oʻqitish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishdan boshladi. Mazkur tadbir, birinchi bosqich dasturi asosida, rus tili oʻqituvchilari hamda yuqori sinf oʻquvchilari bilimlarini test sinovlaridan oʻtkazishdan iborat. Uning natijasiga koʻra, maktablarda rus tili fani boʻyicha samarali metodikani ishlab chiqish va oʻqitish jarayoniga tatbiq etish rejalashtirilgan.

    Shu oʻrinda aytish kerakki, 2021-yilda 100 nafar rossiyalik mutaxassis mamlakatimizga kelishi rejalashtirilgan. Oʻzbekistonga yoʻnaltirilgan mutaxassislar soni har yili 100 nafarga koʻpayadi. Dasturning barcha bosqichlari 30 mingga yaqin oʻzbekistonlik oʻqituvchilarni qamrab oladi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati.