Maktablarni internetga ulash boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi eʼtirof etildi

    Oʻzbekiston delegatsiyasi BMTning Nyu York shahrida oʻtkazilgan Taʼlimni transformatsiya qilish sammitida ishtirok etayotgani haqida xabar bergandik.

    Tadbir davomida inklyuziv, adolatli, xavfsiz va sogʻlom muhitli maktablar; hayot, ish va barqaror rivojlanish uchun zarur bilim va koʻnikmalar; oʻqituvchilar, oʻqitish va oʻqitish usullari; raqamli taʼlim va transformatsiya; taʼlimni moliyalashtirish kabi yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro tashkilotlar hamda xususiy sektor vakillari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish boʻyicha muzokaralar tashkil etilmoqda.

    Sammitda tematik harakat yoʻnalishlari bilan bogʻliq tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 45 ta sessiya tashkil etildi.

    Xususan, “GIGA tashabbusi: raqamli aloqalar orqali taʼlimni transformatsiya qilish” sessiyasida taʼlim transformatsiyasida maktablarni internetga ularning dolzarbligi va oʻrni yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

    Ushbu tadbir 2030-yilga qadar barcha taʼlim muassasalarini xavfsiz va arzon internet bilan taʼminlash orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan maqsad va vazifalarni belgilash imkonini berdi.

    GIGA tashabbusini qoʻllab-quvvatlayotgan 19 ta davlat, xususan, Oʻzbekiston ham barcha maktablarni internetga ulashga vaʼda bergan. Sammitda ishtirok etayotgan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev Oʻzbekistonning taʼlim muassasalarini internetga ulashdagi tajribasi bilan oʻrtoqlashish uchun maʼruzachi sifatida soʻzga chiqdi.

    YUNISEF ijrochi direktori oʻrinbosari Fayaz King Oʻzbekiston hukumatining barcha maktablarni internetga ulash borasidagi saʼy-harakatlarini eʼtirof etar ekan, ushbu tajribani barcha yigʻilganlarga namuna sifatida koʻrsatdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil oxiriga qadar barcha maktablarni optik tolali internetga ulash vazifasi qoʻyilgan. Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha 2018-yilda Oʻzbekistondagi maktablarning atigi 7 foizi internetga ulangan boʻlsa, bugun yuqori tezlikdagi internetga ulangan maktablar soni 92 foizga yetdi. Bu jarayonda har bir maktab uchun internet tezligi kamida 10 Mbit/s ni tashkil etmoqda.

    Shu bilan birgalikda maktablarni zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlash boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. Soʻnggi ikki yil ichida 10 000 dan ortiq maktablarga internetga ulanish uchun taxminan 20 000 kilometr optik tolali kabel yotqizildi.

    Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda butun mamlakat boʻylab real vaqtda monitoringni amalga oshirgan birinchi davlat hisoblanadi.

    Xususan, Xalq taʼlimi vazirligi va YUNISEF hamkorligida aksariyat maktablar GIGA ning maktablar joylashgan oʻrinlarni xaritalash tashabbusi doirasida zarur uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, vazirlik tomonidan maktablardagi internet sifati real vaqt rejimida kuzatib boriladi, deyiladi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati xabarida.