Yigʻilishda vazir xalq taʼlimi muassasalarini 2022/2023-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari joylarda talab darajasida olib borilmayotganini tanqid qildi.
Xususan, xalq taʼlimi tizimida 10 mingdan ortiq maktab mavjud boʻlib, ularning moddiy-texnik holati va infratuzilmasi oʻsha yerdagi mahalliy hokimlik rahbarlari tomonidan muvofiqlashtirilishi lozimligi, tizim rahbarlari esa hokimliklar bilan muammolarni hal etish masalalarini tezkorlik bilan amalga oshirishi zarurligi aytildi.
Yigʻilishda respublika ishchi guruhlar tomonidan joylardagi ijtimoiy obyektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati koʻzdan kechirilib, qator kamchiliklar aniqlanayotgani tilga olindi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi “Oybek” mahalla hududida joylashgan 58-maktab va uning filiallariga 20 tonna yaroqsiz koʻmir yetkazib berilgani, isitish qozoni umuman yaroqsiz holatda ekani, maktab ota-onalar tomonidan olib kelinadigan oʻtin yordamida “burjuyka” pechkalar yordamida isitib kelinayotgani tanqid qilindi.
Viloyatning Qamashi tumanidagi 85-maktab filiali ahvoli ham oʻta achinarli va taʼmirtalab holatda ekani, isitish tizimi yoʻqligi, Namangan viloyati Uychi tumanidagi 4-maktab qozonxonasidagi taqsimlash qutisida nosozlik aniqlangani qayd etildi.
Vazir har bir hududdagi xalq taʼlimi boshqarma boshliqlari va tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari maktablarda kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish boʻyicha aniqlangan muammoni tuman hokimi bilan birgalikda tezkorlik bilan hal qilish boʻyicha kafolat xati taqdim etishi yuzasidan topshiriq berdi.
Yigʻilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida sustkashlikka yoʻl qoʻygan soha masʼullariga tegishli intizomiy jazo choralari qoʻllandi.
Shuningdek, oʻqituvchilarni oʻz xizmat vazifasidan tashqaridagi ishlarga jalb qilmaslik boʻyicha hududiy rahbarlar yana bir bor ogohlantirildi. Oʻqituvchi va ustozlar faqat maktabda taʼlim sifatiga javob berishi kerakligi, dars mazmuni ularning birinchi va yagona vazifasi boʻlishi lozimligi tushuntirildi.
Hududiy masʼullar maktablarda intizom masalalariga alohida eʼtibor berish kerakligi, taʼlim jarayoniga bogʻliq murojaat va muammolarni joylardagi mutasaddilar oʻrganib, hal etishi lozimligi, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan tizimga doir tanqidiy materiallarga oʻz vaqtida munosabat bildirish, keltirilgan muammolarni tezkor oʻrganish boʻyicha barcha darajadagi rahbar va masʼullar qatʼiy ogohlantirildi.