Tasdiqlangan nizomga muvofiq, mahkumlarning adabiyotlarni o‘zlashtirganlik darajasini baholash, test sinovlari jarayonini nazorat qilish hamda natijalarni tasdiqlash uchun muassasa xodimlari va jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tuziladi.

Komissiya yig‘ilishlari, qoida tariqasida, har yili kamida ikki marta — fevral va avgust oylarida o‘tkaziladi.

Test natijalari bo‘yicha tayyorlangan komissiya xulosasi mahkumga imzo qo‘ydirgan holda tanishtiriladi va uning shaxsiy yig‘majildiga kiritiladi. Shuningdek, xulosaning ko‘chirma nusxasi prokurorga yuboriladi, mahkumning himoyachisiga esa so‘roviga ko‘ra taqdim etiladi.

Nizomga ko‘ra, mahkum test sinovi natijalari bilan tanishtirilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida test o‘tkazish jarayoni yoki uning natijalari yuzasidan sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Sud shikoyatni ko‘rib chiqib, dalillar tasdiqlanmagan taqdirda test natijalarini o‘zgarishsiz qoldirishi, dalillar asosli deb topilsa esa shikoyatni qanoatlantirib, test natijalarini bekor qilishi mumkin.

Mazkur tartib mahkumlarning ma’naviy tarbiyasiga ko‘maklashish, shuningdek, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.