Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi axborot xizmati xabar qildi.
Yaʼni yangi nizomga bilan taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlariga malaka toifasi (lavozim) toʻgʻridan-toʻgʻri (attestatsiyadan oʻtkazilmasdan) berilish tartibi belgilangan.
Unga koʻra, tuman (shahar) miqyosidagi sport musobaqalarining birinchi oʻrin sovrindorlarini tayyorlagan taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosidagi sport musobaqalarining birinchi oʻrin sovrindorlarini tayyorlagan taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);
xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalarining birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrin sovrindorlarini tayyorlagan taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);
xalqaro matematika (IMO), fizika (IPhO), kimyo (IChO), biologiya (IBO) informatika (IOI) olimpiadalarida oltin, kumush yoki bronza medal (birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrin) sovrindorlarini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi) toʻgʻridan-toʻgʻri (attestatsiyadan oʻtkazilmasdan) beriladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlangan, “Ustoz” milliy mukofoti gʻoliblari, Worldskills musobaqalari sovrindorlarini tayyorlagan yoki respublika miqyosidagi fan olimpiadalari va koʻrik-tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlagan pedagoglarning malaka toifasi (lavozimi) hech bir sinovlarsiz bir pogʻonaga oshirilmoqda.
Ilk elektron sertifikatlarni qoʻlga kiritgan oʻqituvchilar www.pedkadr.tdi.uz sayti, davlat xizmatlari markazi yoki yagona davlat interaktiv xizmatlari orqali hujjatlarini elektron koʻrinishda yuklashgan boʻlib, QR-kod qoʻyilgan elektron shakldagi sertifikatlar ularning shaxsiy kabinetlari yuborildi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Hukumat qarori (572-son, 17.09.2021-y.) bilan pedagog kadrlarga qogʻoz shakldagi attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi sertifikat berish amaliyoti bekor qilinib, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qoʻyilgan elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etilgan edi.