Uchrashuvda kompaniya asoschisi Mohd Shukri Osman, ijrochi direktori Mohd Nazli Abdul Aziz, direktor oʻrinbosari Zulhikam Ahmad, “Alpha Indera” kompaniyasining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Daliya Alkatiriy hamda menejerlari Sabrina Fauzan hamda Mohd Ahmad Zahid ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun: “Malaysia Airports Holdings” (MANV) kompaniyasiga 1991-yilda asos solingan boʻlib, hozirda Malayziyadagi 39 ta aeroportni davlat xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaradi (shundan 5 tasi — Malayziya xalqaro aeroporti va 1 tasi Turkiyaning “Istanbul Sabiha Gokcen International”, Qatarning “Doha” aeroportlari va boshqalar). Hozirgi kunda kompaniya “Malayziya aeroportlari oʻquv markazi”ni tashkil etib, aviatsiya sohasi xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha treninglar, oʻquv va amaliy kurslarini oʻtkazish bilan ham shugʻullanib kelyapti.
Muloqot davomida U.Azamov Oʻzbekistonning turizm salohiyati, soha rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusida rejalashtirilgan loyihalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Delegatsiya tomonidan Oʻzbekistondagi Urganch, Fargʻona va ayniqsa Buxoro xalqaro aeroportlariga katta qiziqish bildirildi hamda kelgusida ushbu aeroportlarni davlat xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga olish taklifi ilgari surildi. Oʻzbekiston tomoni mazkur aeroportlarning hozirgi holati va ular joylashgan hududlardagi mavjud imkoniyatlar hamda mamlakatimizda joriy etilgan “Umra+” dasturi boʻyicha ushbu aeroportlarga xorijiy davlatlardan musulmon olami vakillarini keng jalb etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar hamda rejalar haqida maʼlumot berdi. Dasturning ustunliklari toʻgʻrisida mehmonlarga qisqacha maʼlumot berish jarayonida Malayziyadan Turkiyaning “Istanbul Sabiha Gokcen International” aeroporti yoʻnalishida amalga oshiriladigan aviaqatnovlarni Oʻzbekiston orqali tranzit qatnoviga oʻzgartirish taklifini ham berildi.
Uchrashuv soʻngida Turizm va sport vazirligining yuqorida qayd etilgan takliflarni roʻyobga chiqarish hamda aeroportlarda amalga oshirilayotgan ishlarni keng targʻib qilish va bunga xorijiy aviakompaniyalarni jalb etishda amaliy yordam berishga tayyor ekanligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, tomonlar koʻplab qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.