Malayziya IT kompaniyalarini Sirdaryoga keng jalb etish boshlanadi

    Kuala-Lumpur shahrida IT va raqamli texnologiyalar sohasidagi birinchi Oʻzbekiston–Malayziya autsorsing forumi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki« MCHJ (IT Park Uzbekistan) va uning Sirdaryo viloyati filiali (Sirdaryo IT Park), Malayziya raqamli iqtisodiyot korporatsiyasi (MDEC) va mamlakat elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Malayziyaning 70 ga yaqin autsorsing (BPO) va IT kompaniyalari ishtirok etdi.

    IT Park Sirdaryo rezidenti sifatida BPO sohasida joriy yilda faoliyatini boshlagan Upstream BPO MCHJ taʼsischisi, Malayziya fuqarosi Axmed Qayum oʻzining Oʻzbekistonda biznes yuritish tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. U Oʻzbekistonda tashkil etilgan IT parklar uchun yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlaridan foydalangan holda Malayziya kompaniyalarini mamlakat raqamli loyihalariga investitsiya kiritishga chaqirdi.

    Get Academy kompaniyasi rahbari Ganesh Kumar tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekistonga qilgan biznes tashrifi taassurotlarini soʻzlab, xorijliklarni respublikaning raqamli texnologiyalar sohasiga investitsiya kiritish va tadbirkorlik bilan shugʻullanishga undaydigan qator omillarni sanab oʻtdi. Ganesh Kumar Malayziya kompaniyalari Oʻzbekiston IT bozorida manfaat topishiga qatʼiy ishonishini taʼkidladi.

    Taqdimotdan soʻng B2B formatida uchrashuvlar oʻtkazildi. Ularda davomida Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, IT Park Sirdaryo vakillari hamda Malayziyaning IT va BPO kompaniyalari oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalarni oʻrnatish hamda raqamli texnologiyalar sohasida investitsiyalar kiritish boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Xususan, tadbirga tashrif buyurgan Malayziya Tadqiqot va innovatsiyalarni tijoratlashtirish agentligi (MRANTI) boʻlim boshligʻi Van Moxd Farxan bilan texnologiyalarni transfer qilish va Malayziya IT kompaniyalarini Oʻzbekistonga keng jalb etish masalasi muhokama qilindi.